Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiydagi o‘rkach-o‘rkach yo‘llar tuyani ham hayron qoldirmoqda 

Navoiydagi o‘rkach-o‘rkach yo‘llar tuyani ham hayron qoldirmoqda 

Yo‘l azobi, go‘r azobi. Ayniqsa, qish va bahorning seryog‘in kunlarida loy, yozning jazirama issig‘ida chang-to‘zon bo‘lgan yo‘lda yursangiz dono xalqimiz ushbu maqolni rosa topib aytganiga amin bo‘lasiz. Xuddi shunday holat uzoq qishloqda emas, tozaligi va obodligi bilan respublikamizda eng old o‘rinda turadigan Navoiy shahrida ekanligiga nima deysiz?

Shu paytgacha «Navoiyazot» korxonasidan o‘ngu so‘lga yursangiz o‘rkach-o‘rkach, chang-to‘zon yo‘llardan yurishga majbur bo‘lardingiz. Yo‘llardagi bu o‘rkachlardan tuya ham hayron qolardi. Achinarlisi, yo‘lning bunday ahvolga kelib qolganiga ko‘p yillar bo‘lsa ham, na viloyat, na shahar miqyosidagi rahbaru hokimlar yo‘lni ta’mirlashni xayoliga keltirmagandi.

2020 yilning oxirlarida qaysidir bir kattakon shu yerdan o‘tishi belgilandimi, ishqilib, shu yo‘lni ta’mirlash ishlari boshlandi. Ammo, yo‘l sozlanayotganidan suyungan odamlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Yo‘llarni ta’mirlash uchun kelgan buldozeru traktorlar buzuq yo‘lni badtar holatga keltirib, ish yarmiga ham bormay juftakni rostlashdi. Ana tomoshayu mana tomosha.

Yomg‘irdan qutulib, do‘lga tutilish deb shunga aytishsa kerakda. O‘nqir-cho‘nqir yo‘llar o‘rniga chang-to‘zon va loy uyumlari paydo bo‘lgani qoldi.

Vaholanki, shaharning ushbu manzilida «Navoiyazot» va boshqa ko‘plab tadbirkorlik sub’yektlari, gaz quyish shoxobchalari, aholi xonadonlari joylashgan. Shuning uchun har kuni minglab transport vositalari bu yo‘lda harakatlanadi.

— Yo‘lning notekisligi tufayli ko‘pchilik taksi haydovchilari bu yerga kelishni istamaydi, — deydi Sardor ismli taksi haydovchisi. — Shuning uchun yo‘lkira haqi qimmat. Yo‘lning notekisligi tufayli avtomashina tez ishdan chiqadi. Hatto yo‘lda beton plitalarning simlari chiqib qolgan. Buni bilmagan haydovchi bo‘lsa mashina balonini ishdan chiqaradi. Bu ham yetmagandek, bor-yo‘g‘ri 2-3 kilometr yo‘l uchun salkam yarim soat yurishga to‘g‘ri keladi.

Ha, mutasaddilar markazda joylashgan ko‘chalarni qayta-qayta asfalt qilib, maqtanguncha, shahar atrofini obodonlashtirishga, yo‘llarini ravon bo‘lishiga e’tibor qaratishsa yaxshi bo‘lardi.

Shu o‘rinda yana bir gap. Viloyat va shahardagi mansabdorlar muammo va kamchilikni yozgan yoki ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan shaxsni izlagandan ko‘ra, ko‘rsatilgan muammoni bartaraf etish bo‘yicha bosh qotirishsa yaxshi bo‘lardi.

Kuyunchak haydovchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring