Yangi qonun qabul qilindi. Nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan «Ayrim davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi, shuningdek, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish to‘g‘risidagi 612-modda bilan to‘ldirildi. Bu haqda saytimizga Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish oz miqdorni tashkil etsa — eng kam ish haqining besh baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
O‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish ko‘p bo‘lmagan miqdorni tashkil etsa — eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Ustav fondida davlat ulushi bo‘lmagan korxona, muassasa, tashkilotlarning mol-mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish faqat mazkur korxona, muassasa, tashkilotlar rahbarining, mulkdorining yoki vakolatli boshqaruv organining arizasiga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, Oila kodeksining 40-moddasi quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirildi: «Sud er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlab, ishning ko‘rilishini keyinga qoldirgan taqdirda, er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan bo‘lsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini er-xotinni yarashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun uch kundan kechiktirmasdan yozma ravishda xabardor qilishi kerak».
Ushbu kodeksning 218-moddasi quyidagi qism bilan to‘ldirildi: «Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari er-xotinni yarashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan bo‘lsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini ariza berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmasdan yozma ravishda xabardor qilishi kerak».
Shu bilan birga, Oliy Majlisning 2001-yil 12-maydagi «Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxatiga vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshi savdosi bo‘yicha faoliyat ham kiritildi.
«Garov to‘g‘risida»gi qonun sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda garovdagi mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha kimoshdi savdolari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda elektron onlayn-auksion shaklida o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qism bilan to‘ldirildi.
Shuningdek, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qo‘rqitish bo‘yicha alohida modda kiritildi.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 474 va 475-moddalar, ya’ni voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash to‘g‘risidagi moddalar bilan to‘ldirildi. Mehnat kodeksining 164-moddasi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan bo‘lib, unda «Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan cheklov aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazo tayinlangan xodimning ish haqidan ushlab qolishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda jazo va aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlik uchun ushlab qolinadigan haqning miqdori yetmish foizdan ortib ketmasligi lozim» deb belgilab berildi.
«Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi qonunga 151-modda, ya’ni davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslarini uy-joy bilan ta’minlash to‘g‘risidagi modda kiritildi. Ya’ni davlat soliq xizmati organlarining uy-joy olishga va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj deb topilgan mansabdor shaxslari belgilangan tartibda uy-joy olish huquqiga ega ekanligi belgilandi.
Oila kodeksining 99-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga ahamiyat berish lozim.
Unda ota-ona voyaga yetmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdori belgilangan bo‘lib, oldingi tahrirga ko‘ra har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam bo‘lmasligi lozimligi belgilab qo‘yilgan edi.
Endilikda yuqoridagi qonun bilan ushbu moddaning ikkinchi qismidagi «uchdan bir qismidan» degan so‘zlar «yetmish besh foizidan» kam bo‘lmasligi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, «Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun, shu jumladan ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan oldindan to‘lanishi mumkin» ekanligi to‘g‘risidagi qism bilan to‘ldirildi.
Qolaversa, mazkur kodeksga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, shaxs aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzish majburiyatidan ozod etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter