Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taraqqiyotning yevropacha yangi andozasi qanday bo‘ladi? Fransiya elchisi muhim masalalarga oydinlik kiritdi

Taraqqiyotning yevropacha yangi andozasi qanday bo‘ladi? Fransiya elchisi muhim masalalarga oydinlik kiritdi

Fransiya raislikka kirishishi munosabati bilan Eyfel minorasi YeI bayrog‘i “libos”ida namoyon bo‘ldi.

Foto: www.europe2022.fr

Fransiya joriy yil 1-yanvardan, 14 yilda ilk marotaba Yevropa Ittifoqi Kengashida raislik qila boshladi. Kengashga raislik qiluvchi davlat 27 ta a’zo mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtiradi, dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zaro til topishish, yakdil qarorlar qabul qilishni ta’minlaydi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2021 yil dekabr oyidagi matbuot anjumanida mamlakatning YeI Kengashidagi raisligi davrida Yevropani kuchli, suveren hamda o‘z taqdirini o‘zi idora etishga qodir darajaga ko‘tarishni maqsad qilganini bayon etgan edi.

E.Makron 19 yanvar kuni Yevropa parlamentidagi ma’ruzasida ham iqlim o‘zgarishi, raqamli inqilob va xavfsizlik kabi masalalarni sanab o‘tar ekan, so‘zdan amalga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi. YeIga a’zo mamlakatlarni bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish, bir tanu bir jon bo‘lishga da’vat etdi.

Fransiya o‘tgan asrning 50-yillarida Yevropa Ittifoqining tamal toshi qo‘yilishida ta’sischi davlatlardan biri sifatida muhim rol o‘ynagan. Integratsiya g‘oyasining ildizlari esa ancha oldinga davrlarga borib taqaladi. Masalan, atoqli fransuz adibi va jamoat arbobi Viktor Hyugo XIX asrdayoq Yevropa birligi va birodarligi g‘oyalarini ilgari surgan, hatto “Yevropa qo‘shma shtatlari” atamasini qo‘llagan edi. Rasmiy Parij hozir ham Yevropa birligi g‘oyasiga kuchli ishonchi bilan ajralib turadi. Bugun butun dunyo hamjamiyati kabi Yevropa Ittifoqi ham jiddiy sinovlarga ro‘baro‘ kelib turibdi. Ana shunday pallada Fransiyaning raisligiga katta umidlar qilinmoqda. Shu munosabat bilan Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oreliya BUShEZ xonimga bir necha savol bilan murojaat qildik.

Elchi Oreliya Bushez. Foto: Fransiya elchixonasi.

– Prezident Makron YeI Kengashidagi raislik davrida ko‘hna qit’ani yanada kuchli va mustaqil qilish g‘oyasini e’lon qildi. Mazkur ulkan maqsadga erishish uchun mamlakatingiz qanday chora-tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirgan?

– “Xabar.uz” mushtariylariga Fransiyaning Yevropa Ittifoqi Kengashidagi raisligining ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etishdan baxtiyorman. Biroq undan avval, Fransiya O‘zbekistonning YeI bilan munosabatlariga qaratayotgan e’tibori va uning Yevropa tashabbuslariga bo‘lgan qiziqishini qadrlashini aytib o‘tishga ijozat bergaysiz. YeI va O‘zbekiston o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Biz ushbu muzokaralarda ham muvaffaqiyat tilaymiz.

Yevropa Ittifoqi Kengashidagi raisligimizning ustuvor yo‘nalishlariga kelsak, Respublika prezidenti Emmanuel Makron bu yo‘nalishda aniq maqsad qo‘ydi: “sarhadlarimiz doirasidagi hamkorlik Yevropasi”dan “batamom mustaqil, o‘z tanlovi va o‘z taqdiri o‘z qo‘lida bo‘lgan, dunyoda katta qudratga ega Yevropa”ga o‘tish. Fransiya bu istakka erishish yo‘lida uch yo‘nalishdan iborat dasturni belgilab olgan.

Birinchi yo‘nalish bu – yanada suveren Yevropa.

O‘z chegaralarini nazorat qilishga qodir Yevropa. Bu borada harakatlarimizni Shengen hududini isloh qilishdan boshlaymiz. Shuningdek, biz ushbu masalalarga mas’ul bo‘lgan vazirlarning muntazam yig‘ilishlarini tashkil etish orqali Shengen hududining siyosiy tizimi va boshqaruvini ta’sis etish, inqiroz sodir bo‘lgan taqdirda chegaralarda favqulodda yordam mexanizmini yaratish yoki “Yevropa migratsiya paketi”ni qabul qilishni rejalashtirmoqdamiz.

Kuchli mudofaa siyosatiga ega Yevropa. Fransiya raisligi o‘ziga xos “strategik yo‘lko‘rsatkich”, ya’ni tahdidlar holatini tahlil etuvchi va Yevropa mudofaasi uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab beruvchi mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha Yevropa qo‘llanmasini qabul qilish imkonini beradi.

O‘z qo‘shnilarining barqarorligi va farovonligini ta’minlay oladigan Yevropa. Raisligimiz ostida Yevropa Ittifoqi va ikki yaqin qo‘shnimiz: Afrika va G‘arbiy Bolqon o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaymiz. Fevral oyida Afrika Ittifoqi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida oliy darajadagi uchrashuv tashkil etiladi. Bu sammit Yevropa va Afrika o‘rtasida yangi iqtisodiy kelishuv hamda xavfsizlik hamkorligi o‘rnatilishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, joriy yil iyun oyida majburiyatlar va mintaqaga sarmoya kiritish borasida Yevropa siyosatini belgilab olish maqsadida G‘arbiy Bolqon konferensiyasi ham bo‘lib o‘tadi.

YeI Kengashiga raisligimizning ikkinchi asosiy yo‘nalishi taraqqiyotning yevropacha yangi andozasini qurishdan iborat.

10-11 mart kunlari “Yevropa-2030” sammiti o‘tkaziladi. Ushbu anjumanning maqsadi Yevropa taraqqiyotining yangi modelini belgilab olish bo‘yicha o‘n yillik strategiyani yaratish bo‘lib, unda quyidagi maqsadlar ko‘zda tutiladi:

Yevropani ishlab chiqarish, innovatsiyalar va ish o‘rinlari yaratish qit’asiga aylantirish. Shu tarzda, mart oyigacha bir qator sarmoya rejalari va yangi sanoat ittifoqlari tuziladi.

Iqtisodiy rivojlanish va iqlim bo‘yicha intilishlarni muvofiqlashtirish. Raisligimiz davrida 2050 yilga mo‘ljallangan uglerod neytralligi va 2030 yilgacha is gazi chiqishini 55 foizga kamaytirish vazifalarini belgilab beruvchi o‘tgan yil iyul oyida qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha olg‘a harakat qilish imkoni yaratiladi. Shu nuqtai nazardan, Yevropa chegaralarida “uglerod solig‘i” deb ataladigan uglerod chiqindilarini kamaytirish mexanizmini amalga oshirish eng muhim choralarimizdan biri bo‘ladi. Qolaversa, Fransiya o‘rmonlarning kesilib ketilishiga qarshi kurash bo‘yicha Yevropa dastagini yaratish bo‘yicha muzokaralarni ilgari suradi.

Yevropani raqamli qudratga aylantirish. Yangi startaplar va raqamli texnologiyalar o‘yinchilarini moliyalashtirish uchun Yevropa fondlari tashkil etiladi. Fransiya raisligi, shuningdek, raqamli dunyoni tartibga solish bo‘yicha bir qator qoidalarni qabul qilishga imkon beradi. Jumladan, dunyo veb-gigantlari bo‘lmish GAFA (Google, Apple, Facebook va Amazon) kompaniyalarini soliqqa tortish bo‘yicha xalqaro bitim, raqamli gigantlarning tiyiqsiz monopoliyaga aylanishining oldini olishga qaratilgan “Raqamli bozor to‘g‘risida”gi qonun (DMA) yoki katta platformalar uchun javobgarlik tizimini o‘rnatadigan “Raqamli xizmatlar to‘g‘risida”gi qonun (DSA).

Ijtimoiy masalalarga kelsak, raisligimiz davomida oldimizga qo‘ygan asosiy maqsadimiz bir qator qonunlarni kiritish hisoblanadi: eng kam ish haqi to‘g‘risida, ayollar va erkaklar ish haqining tengligi haqida hamda ma’muriy kengashlarga kvotalar haqida yo‘riqnomalar.

Prezident Makron 19 yanvar kuni Yevropa parlamentidagi ma’ruzasida ham birdamlik g‘oyasiga urg‘u berdi. Foto: AP

Nihoyat, Fransiya raisligining uchinchi asosiy yo‘nalishi bu – o‘z fuqarolariga yanada yaqinroq va yanada demokratik bo‘lgan insoniy Yevropa.

2022 yil may oyida Yevropa istiqboli bo‘yicha konferensiya ishining yakuni Fransiya raisligi uchun muhim voqea bo‘lishi kutilmoqda. Qonun ustuvorligi haqidagi munozaralar, bu borada yangi mexanizmlar haqida mushohadalar, xususan, mustaqil va surishtiruv olib boruvchi jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash Yevropa jamg‘armasi, nafrat bilan bog‘liq jinoyatlar va nafrat ifodasiga nisbatan ham Yevropa jinoiy huquqbuzarliklarini kengaytirish, irqchilik va antisemitizm hamda ayollarga nisbatan zo‘ravonliklarga qarshi kurash bo‘yicha strategiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha munozaralar davom etadi.

Fransiya o‘z raisligi davrida Yevropa tarixi bo‘yicha keng miqyosli ishni qayta boshlashni istaydi. Shu maqsadda joriy yil iyun oyida Yevropa universitetlarining yirik anjumani tashkil etiladi. Bundan ko‘zda tutilgan maqsad butun Yevropa bo‘ylab tarixchilar mustaqil tarixiy tadqiqot ustida ishlashni davom ettirishi mumkin bo‘lgan akademik asos yaratishdir. Shuningdek, 27 ta a’zo davlatdan barcha fanlardan ziyolilarni birlashtiradigan Yevropa akademiyasini ta’sis qilish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

2022 yil Yevropada yoshlar yili bo‘ladi va Fransiya raislik maqomidan foydalanib, 25 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlar uchun ochiq bo‘lgan 6 oyli Yevropa fuqarolik xizmatini tashkil etish tashabbusini ilgari suradi.

– Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha ustuvor vazifalar haqida ham muxtasar so‘zlab bersangiz.

– Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning asosiy savdo va investitsiya hamkori hisoblanadi. 2019 yilning iyun oyidan buyon mintaqadagi Yevropa strategiyasi barqarorlik, farovonlik va mintaqaviy hamkorlikni oshirishni ko‘zlamoqda. Fransiya bu harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, mazkur harakatlar pandemiya va Afg‘onistondagi inqiroz sharoitida yanada kuchaytirilishi kerak. Xususan, Fransiyaning YeI Kengashidagi raisligi doirasida biz ikkita asosiy masala bo‘yicha ishlarni amalga oshiramiz: hamkorlarimiz va Yevropa tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha aniq loyihalarni belgilab olish; mintaqa mamlakatlariga YeIning atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha me’yorlariga amal qilgan holda Yevropa bozoriga imtiyozli shartlarda kirishga imkon beruvchi umumiy preferensiyalar tizimini (GSP) qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha muhokamalarni davom ettirish.

– Bushez xonim, siz nafaqat Fransiya tashqi ishlar vazirligi, balki YeI tashqi siyosat mahkamasi tizimida ham diplomat sifatida faoliyat yuritgansiz. Sizningcha, hozirgi davrda YeI oldidagi turgan asosiy muammolar nimadan iborat?

– Yevropa Ittifoqi ayni damda keng ko‘lamli muammolarga boy alohida bir davrni boshdan kechirmoqda va biz yevropaliklar bu muammolarga tayyor turishimiz kerak.

Birinchidan, Yevropa dunyo miqyosidagi muammolarga duch kelmoqda. Jumladan, qariyb ikki yildan beri butun dunyoni larzaga solayotgan epidemiologik inqiroz, jadallashib borayotgan iqlim o‘zgarishlari, insonlarning kundalik hayotini o‘zgartirib yuborayotgan raqamli inqilob yoki kuchayib borayotgan global tengsizliklar.

Shuningdek, biz Yevropada farovonlik va tinchlikni saqlab qolishni istasak, fuqarolarni to‘liq ish bilan ta’minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Aynan shu – bizning Yevropa uchun yangi taraqqiyot andozasini belgilab olish istagimizning muhim yo‘nalishidir.

“Ko‘hna qit’a” ko‘proq o‘ziga tegishli bo‘lgan sinovlarni ham yengib o‘tishi zarur. Masalan, ayrim davlatlarning hiyla-nayranglari tufayli keskinlashayotgan migratsiya muammolari, demokratiyamizni muvozanatdan chiqarishga bo‘lgan urinishlar yoki eng yaqin qo‘shnilarimizda ham keskinlikning kuchayishi kabi.

Tahdid solayotgan ushbu inqirozlarning barchasiga qarshi o‘laroq Yevropa birligi va birdamligi biz uchun har qachongidan ham muhimroq va bu bizning qudratimizni namoyon etadi. Aynan mana shu muammolarga javoban Fransiya men yuqorida batafsil bayon qilib o‘tgan dasturni yaratdi. Shunday qilib, Fransiyaning YeI Kengashiga raisligi yanada samarali, yanada qat’iy, yanada mustaqil va birdam Yevropani ilgari surish imkoniyatini beradi.

Ma’lumki, joriy yil aprel oyida mamlakatingizda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Mazkur siyosiy tadbir YeI Kengashidagi raislik bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga xalal bermaydimi?

– Saylov davri Fransiyaning YeI Kengashiga raisligi vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilmaydi. Aprel oyida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovidan qat’i nazar, mamlakatimiz o‘z majburiyatlariga sodiq qoladi va bu vazifani ado etishda barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Raislik Fransiyaning Yevropa taraqqiyoti yo‘lidagi g‘oyalarini ilgari surish va amalga oshirish imkoniyatini namoyon etadi. Ushbu loyihalarning ba’zilari kechiktirib bo‘lmaydigan loyihalardir. Masalan, raqamli texnologiyalarni tartibga solish, Yevropada eng kam ish haqi yoki chegaralardagi uglerod solig‘i kabi. Shu nuqtai nazardan, Fransiyaning YeI Kengashiga raisligini keyinroqqa qoldirish mumkin emas.

Boshqa tomondan olib qarasak, tarixiy tajriba YeI Kengashiga raislik va tegishli mamlakatdagi prezidentlik saylovi o‘rtasida hech qanday nomuvofiqlik bo‘lmaganini qayta-qayta ko‘rsatib bergan. Misol uchun, prezident Jak Shirak 1995 yilda Fransiyaning Yevropa Ittifoqiga raisligi davri o‘rtasida o‘z lavozimiga kirishgani hech qanday muammo tug‘dirmagan.

Fransiya saylov taqvimiga rioya qilgan holda Yevropa Ittifoqidagi majburiyatlarini bajarish uchun barcha choralarni ko‘rib qo‘ydi. Amaldagi qonunlarga muvofiq saylov sukunati muddatiga rioya qilinadi. Shuningdek, tegishli mutasaddilar va jamoalar saylov davrida ham o‘z faoliyatini davom ettiradi. Yana Fransiya hukumati yevropalik hamkorlarimizni xabardor qilish va ular bilan maslahatlashuvni ta’minlaydi. Demak, partiyalararo, jumladan, yevropalik parlamentariylar bilan maslahatlashuvlar muntazam ravishda tashkil etiladi.

S.Salim suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring