Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushxabar. Yana 24 bemor tuzaldi

Xushxabar. Yana 24 bemor tuzaldi

Koronavirus pandemiyasi tufayli dunyo mamlakatlari boshiga tushgan sinov yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Shunday vaziyatda aholining qiyinchiliklarni birdamlik bilan yengishga harakat qilishayotgani e’tiborga molik. Ayniqsa, ushbu infeksiya tarqalishining oldini olish borasida tezkor va qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Bunda tibbiyot xodimlari matonati va fidoyiligi alohida e’tiborga molik.

Ularning koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarimiz sog‘ayib ketishlari yo‘lidagi mislsiz g‘ayrati tufayli yana 24 nafar bemor darddan butunlay forig‘ bo‘lishdi. Tuzalganlarning 19 nafari Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan, yana to‘rt nafari esa Buxoroda kasalxonadan chiqarilgan. Ularning ikki nafari (biri Andijondan, yana biri esa Toshkent viloyatidan) Turkiyadan Buxoroga kelgan bo‘lib, joriy yil 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi aniqlangan edi. Yana farg‘onalik ikki nafar fuqaro esa charter reys orqali Rossiyadan Buxoroga kelishgach, ularda ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangandi.

Shuningdek Xorazmda ham bir hamyurtimiz kasallikdan tuzalib, kasalxonadan chiqdi.

Toshkentda koronavirusdan tuzalganlar Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa mas’ullar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatishdi.

Darhaqiqat, qahramon shifokorlarimizning bilimi va tajribasi tufayli koronavirus infeksiyasiga chalinganlar orasida o‘lim ko‘rsatkichlarining minimal darajada bo‘lishi va aksincha, sog‘ayganlarning maksimal darajada bo‘lishiga erishilmoqda. Natijada, ayni paytda sog‘ayganlar 61 nafarga yetdi.

Bu kabi samarali natijalarga erishishda, avval xabar qilganimizdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, shuningdek, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi qator davlatlarning nufuzli mutaxassislari tavsiyalaridan foydalanilayotgani, bundan tashqari, yurtimizning pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog kabi yetuk mutaxassislari bilan telemuloqot o‘rnatilib, zarur tavsiyalarni olishayotgani, ularni bir jamoa bo‘lib faoliyat ko‘rsatishayotganligi ana shunday ijobiy yutuqlarni qo‘lga kiritishda muhim omil bo‘lmoqda. Quvonarli jihati, shifokorlarimiz mahorat va fidoyiligi koronavirus infeksiyasini samarali davolash mumkinligini isbotlamoqda.

Endilikda ularning safiga Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi ham qo‘shildi. Ushbu tibbiyot muassasasining fidoyi va jonkuyar shifokorlari sa’y-harakati o‘zining dastlabki samarasini berib, 4 nafar bemor butunlay sog‘ayishdi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Har gal darddan forig‘ bo‘layotgan insonlar quvonchi esa qahramon tibbiyot xodimlariga kuch-g‘ayrat, ishtiyoq bag‘ishlamoqda. Eng muhimi, ushbu xushxabarlar dunyoni tahlika solayotgan koronavirus infeksiyasi bilan samarali kurashish mumkinligi, hatto g‘olib bo‘lish imkoni boriligini ko‘rsatmoqda. Bunda esa hal qiluvchi zarbani berish, shubhasiz, tibbiyot xodimlarini zimmasidagi ulkan mas’uliyatdir. Qahramonlarimiz esa ushbu vazifani sharaf bilan uddalashmoqda, deb bemalol aytishimiz mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring