Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron TIV Ukraina hududlarining Rossiyaga qo‘shilishi borasidagi referendumga munosabat bildirdi

Eron TIV Ukraina hududlarining Rossiyaga qo‘shilishi borasidagi referendumga munosabat bildirdi

Eron TIV rasmiy vakili Nosir Kan’oniy.

Eron tashqi ishlar vazirligi Ukrainaning Lugansk, Donetsk, Xerson va Zaporoje viloyatlari hududi Rossiyaga qo‘shib olinishi bo‘yicha o‘tkazilgan referendumlarga munosabat bildirdi.

«Eron Islom Respublikasi har doimgidek o‘z prinsipial nuqtai nazariga sodiq qolgan holda, xalqaro huquqning fundamental me’yori va BMT Nizomi maqsad hamda tamoyillariga hurmat ifodasi sifatida mamlakatning hududiy yaxlitligi talabiga rioya etish lozimligini ta’kidlaydi», – dedi TIV rasmiy vakili Nosir Kan’oniy.

Ta’kidlanishicha, tinchlik, barqarorlik va osoyishtalik yo‘lida to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday provokatsion xatti-harakatlardan tiyilish lozim.

Rasmiy Tehronga ko‘ra, AQSh va NATOning provokatsiyalari tufayli vujudga kelgan urush olovi hamon lovillab yonmoqda. Taranglikni bartaraf etish bo‘yicha urinishlar esa inqiroz va beqarorlikning davom etishidan manfaatdor tomonlar harakati sababi natija bermayotir.

«Eron Islom Respublikasi Ukrainadagi ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan har qanday sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi va bu jarayonga ko‘mak berish istagida sobit qoladi», – dedi TIV rasmiy vakili.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 23-27 sentyabr kunlari Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlari – «LXR», «DXR», Xerson va Zaporoje viloyatlarida referendumlar o‘tkazildi.

30 sentyabr kuni esa prezident Vladimir Putin mazkur hududlarni Rossiya tarkibiga qabul qilish to‘g‘risidagi bitimlarni imzoladi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring